TILLAR KONTAKTINING IJTIMOIY ZARURLIGI VA FANDA O‘RGANILISHI (O‘zbek va qozoq tillari misolida)
Keywords:
lingvistika, dialektologiya, kontaktologiya, nutq, tasodifiy, doimiy, substrat, superstrat, adstrat, ikki tillilik, interferensiya, konvergensiya, divergensiya.Abstract
Jahon tilshunosligida tillar kontakti masalasiga e’tibor kuchaydi. Ma’lumki, tarixan taqdir bog‘lagan tillar va shevalarning rivojlanish xususiyatlari hamda dunyoda aholi migratsiyalarining kuchayishi tillar kontaktiga keng yo‘l ochmoqda. Bu muammo kishilik jamiyatining barcha bosqichlarida yuz berib kelgan, lekin uni ilmiy asosda o‘rganish jahonda XIX asrda qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning paydo bo‘lishi bilan bog‘liq boʻldi. Bu davrda paydo bo‘lgan “to‘lqin nazariyasi” tillar orasidagi aloqaning tabiiyligini isbotlab bergan edi. Jahon tilshunosligida tillar kontakti turlicha nomlanib keldi. Ular ichida “tillar ittifoqi” tushunchasi mashhur bo‘lib, u keyingi davrlarda ham davom etdi. “Tillar kontakti” tushunchasi “tillar ittifoqi” tushunchasini to‘laligicha almashtirmasa ham, ularning umumiy xususiyatlarini birlashtira oladi. Bu esa har bir tilshunosalik, shu jumladan, turkologiya oldiga dolzarb masalani keltirib chiqaradiki, bu muammo ushbu tadqiqot ishining asosini tashkil etadi.
Dunyo tilshunosligida tillar kontaktining bir necha turlari qayd qilinadi: tillar kontakti, bilingvizm, so‘z o‘zlashtirish, interferensiya, substrat va boshqalar. Bu ishda ularni e’tiborga olgan holda, yangi jarayon, ya’ni tarixan bir makonda yashayotgan o‘zbek va qozoq xalqlari tillari kontakti natijasida shu xalqlar arealidagi ikki tillilik sharoitida yaratilgan qozoq tilidagi badiiy adabiyotda o‘zbek tiliga xos bo‘lgan xususiyatlarning aks etishi masalasini o‘rganilish dolzarbdir. Shuningdek, fanda tillar kontaktiga bag‘ishlangan tadqiqotlarning natijasi bo‘lgan matnlar leksik-semantik, sintaktik-semantik, funksional-uslubiy, kommunikativ-pragmatik va boshqa aspektlarda nazariy tadqiq qilish ham rivojlantirilmoqda. Endilikda tillar kontakti xususiyatlarini nazariy o‘rganish bilan birga, uning biz ilgari surayotgan yangi yoʻnalishi, ya’ni dialektal zonadagi yetakchi tilning kontaktdagi tilga ta’siri hamda ularning shu arealdan yetishib chiqqan adiblar ijodida qoʻllanishiga bag‘ishlangan ishlar ham bor, lekin O‘zbekiston Respublikasidan yetishib chiqqan va o‘zbek shevalari ruhiyatida shakllangan adiblar asarlarida o‘zbek tili va uning shevalariga xos xususiyatlaridan foydalanishi masalasi hozirgacha tadqiqot obyekti bo‘lmagan. Bu muammo ushbu dissertatsion ishning dolzarb masalasi sifatida qaralmoqda va u O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qo‘yayotgan til siyosatiga monand amalga oshirilmoqda.
Mustaqillik davrida jahon tillari va shevalarining hozirgi taraqqiyot tarzi unga nisbatan yangi yo‘nalishlarda tadqiqot ishlarini olib borishni taqozo qilmoqda. Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining Toshkent, Buxoro, Navoiy, Jizzax viloyatlarida o‘zbeklar bilan yonma-yon, aralash holda qozoq xalqi vakillari yashaydi. Ularning tili qozoq tili bo‘lsa-da, o‘zbek tilini kundalik turmushida qo‘llay oladilar. Boshqacha aytganda, bilingvizm hukm suradi. Shu arealdan qozoq xalqining shoir va yozuvchilari ham yetishib chiqqan. Ular qozoq tilida ijod qiladilar, lekin asarlari tilining o‘ziga xos xususiyatlari borki, ular shu areal turmush tarzi, mahalliy ishlab chiqarish, siyosiy, madaniy jarayonlar, o‘zaro muloqot tufayli o‘ziga xos shevalarni, ya’ni o‘zbek tilining kuchli ta’siridagi shevalarini hosil qilgan. Bu shevalar qadiman shakllangan bo‘lib, mahalliy qozoq xalqi ruhiyatiga singib ketgan. Bu esa mahalliy qozoq adiblari asarlari tilining qozoq adabiy tilidan oʻziga xosligi bilan ajralib turishiga olib kelgan. Albatta, bu kabi jarayonlarni faqat o‘zbek-qozoq tillari munosabatida emas, balki dunyoning barcha regionlarida ham qayd qilish mumkin.