XARBIY XIZMATCHILARDA PARODONT TO‘QIMASI KASALLIKLARINING TARQALISH DARAJASIGA TA’SIR ETUVCHI OMILLAR
Abstract
Parodont to‘qimalari kasalliklari zamonaviy stomatologiyaning eng muhim tibbiy va ijtimoiy muammolaridan biri hisoblanadi. Ushbu kasalliklar milk, periodontal boylam, sement va alveolyar suyakning yallig‘lanishi hamda destruktiv o‘zgarishlari bilan kechib, tishlarning funksional holatini buzadi va ularning erta yo‘qotilishiga olib keladi. Jahon miqyosida parodont kasalliklari kattalar orasida eng keng tarqalgan surunkali kasalliklardan biri bo‘lib, mehnat qobiliyati va hayot sifatining pasayishiga sabab bo‘lmoqda. Harbiy xizmatchilar parodont kasalliklari rivojlanish xavfi yuqori bo‘lgan guruhlardan biri hisoblanadi. Harbiy xizmat davomida organizm muntazam ravishda jismoniy va ruhiy zo‘riqishlarga duch keladi. Kuchli stress, uyqu rejimining buzilishi, xizmat sharoitlarining murakkabligi, ovqatlanish tartibining o‘zgarishi va og‘iz bo‘shlig‘i gigiyenasiga yetarli e’tibor berilmasligi parodont to‘qimalarida patologik jarayonlarning rivojlanishiga zamin yaratadi. Bundan tashqari, ayrim harbiy bo‘linmalarda xizmat qiluvchi xizmatchilar sovuq yoki issiq iqlim, changli muhit, cheklangan gigiyenik sharoitlar kabi omillar ta’sirida bo‘lishadi.